O'zbekistonda «Aqlli qishloq xo‘jaligi» texnologiyalari joriy etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida “Aqlli qishloq xo‘jaligi” texnologiyalarini joriy etish Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Ushbu konsepsiyaning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligi, hayvonlarining mahsuldorligini oshirishga qaratilgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga yuqori texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tadbirlar majmuini amalga oshirish hisoblanadi.

Jumladan, quyidagilar joriy etishni inobatga oladi:

boshqaruv samaradorligini oshirish;

resurstejamkor texnologiyalar, xususan aniq uyalab ekadigan seyalkalar, GPS uskunalari bilan jihozlangan qishloq xo‘jaligi texnikalarini qo‘llash;

suv resurslari, o‘g‘itlardan samarali foydalanishni nazarda tutuvchi suvtejovchi sug‘orish texnologiyalari;

qishloq xo‘jaligi hayvonlarini parvarishlash va sutni sog‘ish bo‘yicha robototexnikalar;

qishloq xo‘jaligiga yangi zamonaviy kasb egalari bo‘lgan xodimlarni (mutaxassislarni) jalb etish;

ma'lumotlar almashinuvining raqamli formatiga o‘tish, hisobot turlarini qisqartirish bilan ishtirokchilarning o‘zaro va davlat bilan hamkorligi samaradorligini oshirish;

respublikaning qishloq xo‘jaligi quyi tarmoqlari va hududlari kesimida umumfoydalanishga qaratilgan bilim va texnologiyalar bankini yaratish;

iqlim o‘zgarishlariga moslashuvchanligi va chidamliligini oshirish;

raqobatbardosh, bozor va eksportga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligini shakllantirish;

oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va atrof-muhitni muhofaza qilishni kuchaytirish;

davlat sarf-xarajatlarining samaradorligini, shu jumladan davlat-xususiy sherikchilik asosida oshirish;

xorijiy analoglarga mos keladigan “Aqlli qishloq xo‘jaligi” texnologiyalarini rejali asosda joriy etib borish;

innovatsion yechimlarni joriy etish orqali qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining logistika infratuzilmasi samaradorligini oshirish.

Konsepsiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

mehnat unumdorligini oshirish uchun raqamli qishloq xo‘jaligiga o‘tish va raqamli texnologiyalardan faol va keng foydalanish;

sohada global rejalashtirishni va bozor ishtirokchilariga aniq tavsiyalar taqdim etishni ta'minlash, shu jumladan sun'iy intellektni qo‘llash uchun qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilar va davlat ma'lumotlari oqimini “Aqlli qishloq xo‘jaligi” platformasiga integratsiyalash;

qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining davlat, bank va sug‘urta ma'lumotlariga kirishlarining ochiqligini ta'minlaydigan “Aqlli qishloq xo‘jaligi” platformasi funksiyalarini integratsiyalash;

qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlashning mexanizmlarini va chora-tadbirlarini shakllantirish;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining harakat kuzatuvchanligini (qidiruvchanligini) ta'minlash (belgilar, chiplar, identifikatorlar, texnologiyalar, qurilmalar, tizimlar orqali);

turli xil raqamli ochiq platformalarga kirishni ta'minlaydigan mahalliy ishlanmalarni rag‘batlantirish (raqamli maydon, raqamli poda, texnika, issiqxonalarni boshqarish va boshqalar);

bozor ishtirokchilari uchun shaxsiy (matritsa) texnologik yechimlar to‘plamini taqdim etish;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish uchun savdo onlayn-platforma va tizimlarni joriy etish;

raqamli texnologiyalarga o‘tish uchun normativ-huquqiy hujjatlar va me'yoriy-texnik talablarni tartibga solish bo‘yicha takliflarni shakllantirish;

o‘quv-uslubiy majmualarni (standartlar, o‘quv dasturi uslubiyoti) shakllantirish;

O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jahon bozorida yetakchi eksport qiluvchi o‘ringa chiqishi uchun mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari va standartlarini umumjahon talablariga mosligini ta'minlash;

“Aqlli qishloq xo‘jaligi”, jumladan raqamli infratuzilma texnologiyalarini joriy etishning normativ-huquqiy, tashkiliy va institutsional asoslarini yaratish;

aqlli-servis xizmatlariga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish;

aqlli-servis xizmatlari ishlanmalarini yaratish va joriy etishning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini shakllantirish;

qishloq aholisiga xizmat ko‘rsatish va turmush darajasini oshirish;

qishloq joylarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmalariga qulay muhit yaratishni ta'minlash, shuningdek Internet tezligini va undan foydalanish imkoniyatlarini oshirish;

qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini baholovchi va qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida iste'molchilar bilan bog‘lovchi “Aqlli qishloq xo‘jaligi” platformasini yaratish;

raqamli texnologiyalardan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida navigatsiya tizimini qo‘llashni rivojlantirish, shu jumladan fermerlarga ochiq axborotni taqdim etish, raqamli texnologiyalar tizimini joriy etish va takomillashtirishni jadallashtirish;

Respublikaning barcha hududlarini joriy etilayotgan “Aqlli qishloq xo‘jaligi” texnologiyasi bilan to‘liq qamrab olishni rejalashtirish va amalga oshirib borish;

qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini kreditlash va sug‘urtalash jarayonini soddalashtiradigan texnologiyalarni yaratish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatlarini (subsidiya, dotatsiya va boshqalar) sub'yektlarning raqamli obektiv ma'lumotlarini inobatga olgan holda qisqartirish, raqamli texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish orqali hujjatlar aylanishini soddalashtirish;

xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar mehnat unumdorligini oshirish va mablag‘ aylanishini tezlashtirish;

ishlab chiqarish samaradorligini oshiruvchi, nazorat va kuzatishni ta'minlaydigan raqamli axborot resurslari, platforma va texnologiyalarni (aniq dehqonchilik, vegetatsiya davrini nazorat qilish, raqamli dala, raqamli poda va boshqalar) joriy etish, boshqaruvni samarali ta'minlovchi (ishlab chiqarish va iste'mol balansi, eksport, turli darajadagi bozor kon'yunkturasi, tahlili, balans tahlili), ishlab chiqaruvchidan iste'molchigacha samarali sotish zanjirini yaratish;

tovarlarning birja va omborxonalarda mavjudligi (paxta, g‘alla, yog‘, shakar, guruch va boshqalar) va ulardan mavsumiy savdoning talab va taklifning muvozanatini moliyaviy-rostlovchi boshqaruv vositalari sifatida foydalanish;

ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro va davlat bilan raqamli formatda aloqaning samaradorligini oshirish, axborot resurslarini integratsiyalash va foydalanuvchilarga cheksiz tezkor, erkin foydalanish imkoniyatini (elektron operatsiyalarni amalga oshirish, elektron omborxona hujjatlari, tovarlarni qayta ishlashga qabul qilish dalolatnomalari va boshqalar) yaratish;

masofaviy qishloq xo‘jaligi ta'limining raqamli muhitini va professional agrokonsalting bozorini rivojlantirish;

qishloq xo‘jaligida ishlashning jozibadorligini oshirish, qishloq xo‘jaligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojni ko‘paytirish, qishloq joylarida aholi daromadlarini oshirish;

qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarni makrobashoratlash platformasiga, qishloq xo‘jaligi texnikalarini boshqarish, ob-havo bashoratlari va o‘simliklar vegetatsiyasini obektiv nazorat qilish vositalari, ishlab chiqarishni rejalashtirish va boshqarish elementlari, sun'iy intellekt vositalari, qishloq xo‘jaligi raqamli platformasini raqamli iqtisodiyot jarayonlari bilan integratsiyalashni ta'minlash.

 

manba: Kun.uz saytidan olindi.

Top