Tomchilab sug'orish uchun subsidiya

“Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.

Qaror bilan g‘o‘za yetishtirishda tomchilatib sug‘orish tizimini kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Tomchilatib sug‘orishni joriy qilganlar hamda ushbu tizimni ishlab chiqaruvchilarni quyidagicha qo‘llab-quvvatlash belgilandi:

Budjet mablag‘idan tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish uchun har bir gektar yerga 8 million so‘m subsidiya beriladi;

Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan tomchilatib sug‘orish tizimlarini qurish, ta’mirlash uchun ajratiladigan kredit bo‘yicha foizlar banklar tomonidan belgilangan foiz stavkasidan bir gektarga 20 million so‘mdan oshmaydigan qismining 10 foizli punkti miqdorida qoplanadi;

Import shartnomalarini ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olish talabi tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha tuziladigan import shartnomalariga qo‘llanilmaydi;

Tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlar va xom ashyo 2021-yil 1-yanvargacha bojxona bojini to‘lashdan ozod etiladi.

2019-yil 1-noyabrgacha tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etishdagi rag‘batlantirishlarni ekinlarning boshqa turlariga ham tatbiq etish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Manba: https://daryo.uz/2018/12/29/ozbekistonda-tomchilatib-sugorish-texnologiyalarini-joriy-etganlik-uchun-subsidiyalar-beriladi/

Top